Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnoma yo‘llamoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga ko‘rsatib o‘tdi:

«Birinchidan, 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash — iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.

Biz, shu yildan boshlab inflyatsiyaviy targetlash tizimini joriy qilishga o‘tdik.

Bu borada Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi iqtisodiy o‘sish bilan inflyatsiya o‘rtasida muvozanatni ta’minlashi, tashqi xavf-xatarlarni hisobga olishi zarur.

Davlat tomonidan 37 turdagi mahsulot va xizmatlar narxining tartibga solinayotgani, erkin raqobatga salbiy ta’sir qilmoqda.

Shuni hisobga olib, endi asosiy e’tiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash orqali, narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak.

Xalqaro tajribani o‘rganib, raqobatni olib kirish mumkin bo‘lgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo‘l ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim.

Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat to‘g‘risidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.

Iste’mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlashning yagona yo‘li — meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish hamda «daladan do‘kongacha» bo‘lgan uzluksiz zanjirni yaratishdir.

Hukumat, barcha darajadagi hokimliklar bilan ushbu vazifa ijrosini to‘liq ta’minlashi kerak.

Byudjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan, nazoratni yanada kuchaytirish zarur.

Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, «Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida» va «Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqsin.

Islohotlarimizga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan «yashirin iqtisodiyot»ga barham berilmas ekan, sog‘lom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, «yashirin iqtisodiyot»ning vujudga kelish omillarini chuqur tahlil qilib, unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlasin.

Shuningdek, «yashirin iqtisodiyot» ulushi yuqori bo‘lgan alkogol va tamaki bozorini tartibga solish uchun tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish ishlari boshlandi.

Bu tizim kelgusida farmatsevtika mahsulotlari uchun ham qo‘llaniladi.

Vazirlar Mahkamasi qiymati 200 million dollar bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan ushbu «raqamli markirovka va onlayn kassa» loyihasini, alohida nazoratga olsin.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.

Joriy yilda 23 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Jumladan, Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilg‘i, «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirg‘ali tarmog‘i, yer usti halqa yo‘lining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.

2020 yilda o‘zlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar va kreditlar bo‘lishini alohida qayd etmoqchiman.

Investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, foyda solig‘ini hisoblashda, yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi ob’ektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlari bo‘yicha chegirmalar kengaytirildi.

Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan o‘tkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yo‘nalishlardagi korxonalarda davlat ishtirokini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish kerak.

Navoiy va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga, ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining to‘laqonli ishtirokchisiga aylantirish lozim.

Buning uchun, 2020 yilda xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarni tuzish, zaxiralarni qayta hisoblash, korporativ oshkoralikni tatbiq etish kabi ishlarni yakunlash zarur.

Neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozim.

Vazirlar Mahkamasi ana shu vazifalarni to‘liq hisobga olib, ikki oy muddatda, Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh etish strategiyasini ishlab chiqsin.

Xorijiy investorlarni faol jalb etish maqsadida, joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada o‘tkazish zarur.

Investitsiya jalb qilishning samarali vositalaridan biri bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yo‘l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.

Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim «drayver"laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur.

Shuningdek, tenderlar o‘tkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va sohada axborot texnologiyalarini keng joriy etish kerak.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda qurilish sohasini 2025 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin.

Uchinchidan, bank tizimi va kapital bozorini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar ko‘rishimiz lozim.

Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qo‘llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta’minotlar bo‘yicha zamon talablaridan, 10−15 yil orqada qolmoqda.

2020 yildan boshlab har bir bankda keng ko‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bank tizimida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan «loyihalar fabrikasi» faoliyatini yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Banklarimiz xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi zarur. Milliy bank va Ipoteka-bank bu yil o‘z «yevrobond"larini chiqarishi maqsadga muvofiqdir.

Davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi.

Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi — tijorat banklarini «mijoz uchun ishlash»ga o‘rgatishdan iboratdir.

Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida, Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda to‘liq qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy qilish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarni jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.

Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali, ularning dasturiy ta’minotlarini tubdan yangilash lozim.

Shu yil 1 iyulga qadar «kredit tarixi» axborot tizimini to‘liq ishga tushirish zarur.

Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qo‘yish kerak.

To‘rtinchidan, barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi — raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi.

Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan — Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun — Eksport — kredit agentligi tashkil etiladi.

Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sug‘urta xizmatlari joriy qilinadi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur.

Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiruvchi bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim.

2020 yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashish darajasini 40 foizga yetkazish zarur.

Andijon, Termiz va Qo‘ng‘irot tumanlarida erkin savdo zonalarini tashkil etib, ular orqali chegara oldi savdosini rivojlantirish zarur.

Xaridorgir mahsulotlar turlarini aniqlash, ularga bozor topish va sotish bilan xususiy «treyding» kompaniyalari shug‘ullanishi, buning uchun esa, savdo faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari paketini ishlab chiqish lozim.

Bu tashqi savdo bilan bir qatorda, ichki bozorga ham tegishli. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli qarorlarni tayyorlasin.

Mahsulotlarimizni tashqi va ichki bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.

Temir yo‘l sohasida yo‘lovchi va yuk tashish, ekspluatatsiya va xizmat ko‘rsatishni bir-biridan ajratish, ya’ni tabiiy monopoliya qismini alohida, xususiy sektorni jalb qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni alohida rivojlantirish lozim.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, infratuzilmani yaxshilash, mosla-shuvchan tariflar qo‘llash va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni shakllantirish hisobidan, bizda tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Aholi daromadlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak.

Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos ko‘plab qonun va qarorlarni qabul qilayapmiz.

Lekin, afsuski, ularni ijro qiladigan ko‘pgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yo‘q.

Ochiq bozor — mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi.

Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish zanjirlariga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bo‘lishimiz lozim.

Muloqot va raqobatga tayyor bo‘lish uchun tarmoq rahbarlari o‘z ustida tinimsiz ishlashi shart.

Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak!

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiyaning tranzit yo‘laklari orqali o‘tadi.

Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo‘yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda.

Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yo‘nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash zarur.

Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim.

Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni ko‘paytirish uchun byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Davlat geologiya qo‘mitasi oldiga ushbu mablag‘larni samarali ishlatish orqali shu yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qo‘yiladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga kamida 20 ta kon bo‘yicha tayyor loyihalar to‘plamini shakllantirib, salohiyatli investorlarga taklif etishi lozim.

Shuningdek, qo‘mita uglevodorodlar va ularning zaxiralari bo‘yicha hisob-kitob yuritish, toifaga ajratish va boshqarishning xalqaro tizimini amaliyotga joriy etishi kerak.

Iqtisodiy yuksalishni ta’minlash uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy infratuzilma barpo etish nihoyatda zarur.

Biz keyingi 3 yilda yo‘l qurilishiga 9,8 trillion so‘m, suv tarmoqlariga — 4,6 trillion so‘m, elektr tarmoqlariga — 18,2 trillion so‘m, tabiiy gaz ta’minotiga — 1,2 trillion so‘m mablag‘ ajratdik.

Bu raqamlar — ushbu tarmoqlar uchun so‘nggi 10−15 yilda sarflangan mablag‘lardan bir necha barobar ko‘pdir.

Lekin, shunga qaramasdan, zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud tizimni modernizatsiya qilish uchun bundan bir necha o‘n barobar ko‘p mablag‘ talab etiladi.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz har yili Investitsiya dasturi doirasida katta mablag‘ ajratib, bu yo‘nalishdagi ishlarni albatta jadal davom ettiramiz.

Bunga qo‘shimcha ravishda, respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirishga yo‘naltirish — Moliya vazirligi va hokimlar uchun joriy yildagi asosiy vazifalardan biri bo‘lishi kerak.

Qonunchilik palatasi, Hisob palatasini jalb etgan holda, ushbu mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini joylarga chiqib, muntazam ravishda o‘rganib borishi maqsadga muvofiq".

Iqtisodiyot sohasiga doir yana ko‘plab vazifalar belgilanmoqda.