22-yanvar kuni Aqtobe viloyati Irg‘iz tumani hududida Samara-Chimkent avtomobil trassasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil avtomobil yo‘lovchisi, O‘zbekiston fuqarosi N.S. vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati mamlakatning Aqtaudagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga tayanib xabar qildi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog‘istonning tegishli idoralari bilan tezkor aloqa o‘rnatgan. Shuningdek, Bosh konsulxona xabar berishicha, ob-havo sharoitining yomonlashgani tufayli Qozog‘istonning 9 ta viloyatida 48 ta uchastka barcha turdagi avtotransport vositalari uchun vaqtincha yopildi. 23−25-yanvar kunlari kuchli qor yog‘ishi va bo‘ron davom etadi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinalariga ta’ziya bildirib, O‘zbekiston fuqarolarini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida mazkur mamlakatga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7−717−295−45−87, +7−777−218−20−10 (Telegram, WhatsApp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7−29−277−71−17, +7−777−599−00−50, +7−777−599−00−51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7−727−299−20−70, +7−727−390−26−16) murojaat qilishlari mumkin.