Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida«gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vaziriligi «Gazeta.uz»ga xabar bergan.

Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ijro tuzilmasida o‘zgarish yuz bergan. Quyidagi lavozim va kotibiyatlar tugatildi:

  • bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — transport vaziri lavozimi;
  • bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;
  • bosh vazirining yokilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;
  • Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar va mudofaa sanoati masalalari kotibiyati;
  • Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati;
  • Ijtimoiy rivojlantirish masalalari kotibiyati;
  • Yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyati;
  • Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini, yangi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari kotibiyati.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida yangi lavozim va kotibiyatlar quyidagi tartibda joriy etildi:

  • bosh vazirning birinchi o‘rinbosari;
  • bosh vazirning sog‘liqni saqlash va ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi;
  • bosh vazirning yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;
  • Davlat aktivlarini boshqarish va sanoat va raqobatni rivojlantirish masalalari kotibiyati;
  • Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy komunnal xo‘jaligi masalalari kotibiyati;
  • Investitsiyalar, eskportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati;
  • Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati;
  • Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati;
  • Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari kotibiyati;
  • Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish masalalari kotibiyati.

Prezidenti qarori bilan Vazirlar Mahkamasi boshqaruv xodimlari cheklangan soni 241 nafar (avval 255 nafar bo‘lgan), texnik xodimlari soni esa 48 nafar (avval 46 nafar) etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, 22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hukumatning yangi tarkibi a’zoligi uchun taqdim etilgan nomzodlarga ovoz berishdi. Nomzodlar davlat rahbari tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.