Andijonlik 30 yoshli X. G‘oyibnazarov uy-joy ortidan kelib chiqqan muammolar tufayli 21 yanvar kuni o‘ziga o‘t qo‘ydi. Uning opasi Effect.uz sayti bilan bog‘lanib, voqea haqiqatan uy mojarosi bilan bog‘liq bo‘lganini aytib bergan.

G‘oyibnazarovning opasi OAVga voqea tafsilotlarini aytib, ukasi MIB xodimlari va uyga da’vo qiluvchi shaxs oldida o‘ziga o‘t qo‘yganini aytgan. Xabarda fuqaroning o‘ziga o‘t qo‘yishga undagan sabab aniq ochiqlanmagan.

«„Sen shu uyni bo‘shatmasdan mening opamni kasal qilding, ertalabgacha yoki 57 ming (AQSH dollari)ni topasan yoki men seni ijro qilib, olib chiqartirib yuboraman. Agar opamga biror nima bo‘lsa, seni uyingni yoqib yuboraman“, — deya tajovuz qildi. Ukamni jerkib ham yubordi. Bo‘ldi, ketinglar, degan so‘zimizga ham qaramasdan ukamni so‘kib tashlashdi. Shunda ukam: „Opa, bir odam o‘lishi kerakmi“, — deya savol bersa, advokat ayol „O‘lsang o‘laverasan“, — degan javobni qaytardi. Ukam benzinni qayerdan oldi, bilmayman, va qo‘lidagi benzinni o‘zining ustidan quydi-da, gugurt chaqdi», — deya G‘oyibnazarov qarindoshining so‘zlari keltirilgan.

Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov «Gazeta.uz»ga voqea yuzasidan rasmiy axborot berdi.

«Byuroning Andijon tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqaro Z. G. va uning oila a’zolarini Andijon tumani, Ayrilish MFYda uydan majburiy tartibda ko‘chirish hamda da’vogar M. B.ni ushbu uyga kiritish haqida ijro hujjati mavjud bo‘lib, shu yilning 21 yanvar kuni kechga yaqin mas’ul xodimlar ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qayd etilgan manzilga chiqishgan», — dedi Farrux Toshpo‘latov.

MIB xodimlari, shuningdek, da’vogar va javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida taraflar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab ijro harakatlari bir kun keyinga — 22 yanvarga qoldiriladi.

«Shundan so‘ng MIB xodimlari va ijro harakati uchun jalb qilingan boshqa shaxslar qayd etilgan manzildan chiqib ketayotgan vaqtida javobgar X. G. o‘ziga benzin sepib, o‘t qo‘yib yuboradi. Oqibatda tanasining 45 foizi kuyib, og‘ir tan jarohat bilan kasalxonaga tushadi», — deyiladi ma’lumotda.

MIB vakilining qo‘shimcha qilishicha, voqea yuzasidan Andijon tuman prokuraturasi tomonidan mazkur voqea yuzasidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi ijrochilari zimmasiga yuklatilgan.