Buyuk Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan tuzilgan Demokratiya indeksida (Democracy Index 2019) O‘zbekiston 157-o‘rinni egalladi. Reytingga jami 165 mamlakat, shuningdek, Gonkong va Falastin ma’muriyati kiritilgan.

Reytingning yangi tahririda O‘zbekiston 2,01 ball to‘pladi va 2018 yilga nisbatan 1 pog‘ona pastlagan holda «avtoritar rejimlar» ro‘yxatida qoldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston 2,94 ball bilan 139-o‘rin, Qirg‘iziston 4,99 ball bilan 101-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Tojikiston 1,93 ball bilan 159-o‘rinni, Turkmaniston 1,72 ball bilan 162-o‘rinni egalladi.

«Belorusiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyoning to‘rtta davlati (Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) diktaturada qolmoqda, aksariyat davlat rahbarlari o‘n yillardan buyon hokimiyatni egallab kelmoqda», — deyiladi EIU hisobotida.

Mutaxassislar yaqin yillarda siyosiy muxolifatning hokimiyat tepasiga kelishi dargumonligi sababli ushbu mamlakatlarda sezilarli yaxshilanishlar bo‘lishini kutayotganlari yo‘q.

Biroq, avtoritar boshqaruv tuzilmasi zaif, deydi tadqiqotchilar. Masalan, Turkmanistonda og‘ir iqtisodiy ahvol, mahsulotlarning keskin yetishmovchiligi, valyutaga egalikning cheklangani va boshqa muammolar kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Norvegiya 9,87 ball to‘plagan holda yana reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin 9,58 ball bilan Islandiya, 9,39 ball bilan Shvetsiya bormoqda. Kuchli beshlikka, shuningdek, 9,26 ball bilan Yangi Zelandiya va 9,25 ball bilan Finlyandiya kirdi. Indeks bu safar ham 1.08 ball olgan Shimoliy Koreya bilan yakunlangan.

The Economist Intelligence Unit Demokratiya indeksini 2006 yildan beri nashr etib keladi. Reyting besh toifaga asoslanadi: saylovlar va plyuralizm; hukumat faoliyati; jamoatchilikning siyosatdagi ishtiroki; siyosiy madaniyat; fuqarolik erkinliklari.

Ushbu toifalardagi bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholardan kelib chiqqan holda har bir mamlakat to‘rt turdagi rejimlardan biri bilan tasniflanadi: «to‘liq demokratiya», «nomukammal demokratiya», «gibrid rejim» yoki «avtoritar rejim».

2019 yilda dunyodagi demokratiyaning umumiy darajasi reyting e’lon qilib kelinayotgan davr davomida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi — 5.44 ball (2018 yilda — 5.48 ball). Mutaxassislar global ko‘rsatkichning pasayishini Lotin Amerikasi va Afrikaning Sahrodan janubdagi mamlakatlari, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatning keskin yomonlashishi va dunyoning qolgan to‘rtta mintaqasidagi turg‘unlik bilan bog‘lamoqda.

«To‘liq demokratiya»ga ega davlatlar soni 22 taga yetdi, ularda dunyo aholisining 5,7 foizi yashaydi. «Nomukammal demokratiya» toifasidagi mamlakatlar soni esa 54 taga qisqartirildi (dunyo aholisining 42,7 foizi).

54 mamlakat (dunyo aholisining 35,6 foizi) «avtoritar» rejimlarga mansub. Dunyo aholisining 16 foizi yashaydigan yana 37 mamlakat esa «gibrid rejim» deb tasniflanadi.