21 yanvar kuni Xitoy hukumati yangi 2019- nCoV koronavirusi tarqalishi sababli Uxanni tark etishni taqiqladi. Aviareyslar, poyezdlar va avtobuslarning shahardan chiqishi vaqtincha to‘xtatildi, deya xabar berdi «RBK».

Taqiqni bekor qilish muddati ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, hududiy hukumat Uxanga qatnaydigan shaharlararo avtobuslar harakatini taqiqlab qo‘ydi. Aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida uxanlik yo‘lovchilari uchun alohida tekshirish navbatlari tashkil etilgan. Xitoy yangi yili yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan mamlakatda yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada ortishini hisobga olib, Uxanda transport harakati to‘xtatilgan.

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda koronavirus tufayli kelib chiqqan pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar soni 541 kishini tashkil etadi, 17 kishi vafot etgan. Yana to‘rtta holat Tailandda, ikkitasi Gonkongda, bittadani Makao, Tayvan, Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSHda aniqlandi. Rossiyada Xitoydan kelgan bir nechta reyslarning yo‘lovchilari zudlik bilan kasallikni yuqtirganlikda shubhalanib kasalxonaga yotqizilgan, ammo shu paytgacha biron bir holat tasdiqlanmagan.

Kasallikni yuqtirish holati ilk bor o‘tgan yilning 12 dekabrida qayd etilgan edi. Mamlakat hukumati kasallik keng tarqalayotgani haqida dekabr oyi oxirida e’lon qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, chegaradan o‘tish joylarida va respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida yangi koronavirus virusini yuqtirganlar uchun tibbiy ko‘riklar kuchaytirilgan.

Avvalroq 3−14 fevral kunlari Xitoyning Uxan shahrida Osiyo-Okeaniya qit’alari uchun boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqa o‘tishi belgilangan edi. Ushbu hududda hayot uchun xavfli korona-virusning tarqalishi sabab litsenzion turnir bekor qilingani haqida xabar bergan edik.