Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan koronavirus gripp kasalliklari alomatlari aniqlangan bemor O‘zbekistonda yo‘q. Shifokorlar ushbu masalada xavotirlanishga asos yo‘q, deya ta’kidlamoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri 23 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanidan xabar berdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbari Bahrom Almatov ma’lumotiga ko‘ra, noma’lum epidemiologik kasallik 2019 yil dekabr oyida Xitoyning Uxan шаҳрида aholi orasida tarqalgan. Ushbu kasallikni qo‘zg‘atuvchi omil koronaviruslar oilasiga mansub yangi turdagi virus ekani aniqlangan.

«Kasallikning kelib chiqish sabablari, klinik belgilari va uni davolash bo‘yicha ilmiy yo‘nalishda harakat boshlangan. Xitoy Xalq Respublikasida kasallik tarqalishi bo‘yicha vaziyat birmuncha murakkablashgan. Butun dunyoda 622 nafar shaxs aynan shu virusdan kasallangani aniqlanib, uning 617 ta holati Xitoyda yuz bergan. Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlar AQSH, Tailand, Janubiy Koreya va Yaponiyada ham kuzatilgan. Kasallikning asosiy tashuvchi manbasi — yovvoyi va uy havonlari, odamlar. Yuqish yo‘li — havo-tomchi orqali, ya’ni bemor bilan gaplashganda, aksirganda virus havo-tomchi orqali sog‘lom organizmga o‘tishi mumkin», — deydi Almatov.

O‘zbekistonning bosh sanitar-epidemiolog shifokori koronavirus bilan zararlangan organizmni davolash yo‘li hali topilmaganini aytdi. Rus va amerika olimlari hozircha virusning antigenlarini aniqlab, buning ustida ish olib borishyapti.

O‘zbekistonda kasallik qayd etilishi mumkinmi?

Mutasaddilar fikricha, avvalo, kasallikning hududga kirib kelishini to‘xtatib qolish lozim. Shuningdek, kasallangan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga olish, koronavirusga laborator tahlilini o‘tkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qo‘yilgan.

Havo va temir yo‘llari orqali Xitoydan kirib keluvchi yo‘lovchilar qat’iy tib nazoratda mamlakatga kiritilmoqda. Bundan tashqari, 37 ta chegara punktlarda ham malakali shifokor karantin qoidalari asosida yo‘lovchilarni sinchkovlab o‘tkazmoqda.

Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti intensiv terapiya bo‘limida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qo‘yilgan.

Kasallikdan saqlanish uchun tavsiya

«Epidemiologik xavf saqlanib turgan davlatlarga safar qilishdan saqlaning. Agar safar zaruriyati paydo bo‘lsa, mahalliy sanitariya-edidemiologiya markazi shifokorlari bilan individual maslahatlashib olishi tavsiya etiladi», — deya qayd etdi agentlik rahbari.

«Sanitariya va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish shart. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni gripp kasalligi aniqlangan ilk bemorlar dengiz mahsulotlari savdo qilinadigan bozorda ishlagan. Ular sanitariya normalariga bo‘ysunmagan, degan taxmin bor. Shuningdek, uy hayvon parvashida tartibni qat’iy nazoratga olish kerak», — qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekistonda gripp bilan kasallanish vaziyati haqida

Bahrom Almatov jurnalistlar savoliga javob berib, O‘zbekistonda oddiy gripp virusi turlari bilan kasallangan bemorlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 8−10 foizga ko‘payganini bildirgan. Ammo ayni paytda kasallikning epidemiologik bo‘sag‘asidan o‘tish ko‘rsatkichi yo‘q. Grippning intensiv ko‘rsatkichi har 10 ming aholiga 1510 tadan to‘g‘ri kelgan.

«Toshkent shahrida joylashgan 5 ta epidemiologik nazorat o‘rnatilgan nuqtalardan olingan namunalarda haqiqatan gripp virusi aniqlanyapti. 2019 yilgi kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida jami 2868 ta holatda gripp kasalligi tasdiqlangan. Respublikada bu 4143 ta holatda kuzatilgan», — deya ma’lumot berdi bosh sanitar-epidemilog shifokor.

U O‘zbekistondagi gripp kasalligi mavsumiy ekaniga katta urg‘u berdi. Almatov aholi orasidagi gripp bilan kasallanish vaziyatiga «oddiy holat» sifatida baho berdi. Shu bilan birga, shifokor bu gripp virusi koronavirus oilasiga mansub emasligini qat’iy ta’kidladi.

Xitoyda bo‘lgan bokschilar taqdiri nima bo‘ldi?

Aynan Uxan shahrida Olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritish maqsadida Xitoyga yo‘l olgan xorijiy boks jamoalari qatori o‘zbekistonlik bokschilar ham tibbiy nazorat ostida ekani aytildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bokschilar hanuz Uxan shahrida qolgan.

Ular turnir Xitoyning boshqa shahrida o‘tkazilishin taxmin qilib, manzil aniq bo‘lganda turnir tomon Uxan shahridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘nab ketishi bildirildi.