2019 yilda bank kassalari orqali o‘rtacha oylik naqd pul aylanmasi 23,9 trln. so‘mni va yil bo‘yicha jami 287,1 trln. so‘mni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 3,4 barobarga va 2018 yilga nisbatan 1,7 barobarga ko‘paydi, deyiladi O‘zbekiston Markaziy banki sharhida.

Yil davomida banklar orqali olingan naqd pullar hajmi 68,4 foizga ko‘paygan bo‘lsa, kelib tushgan naqd pul mablag‘lari hajmi 71,6 foizga oshdi. Natijada muomaladagi naqd pullar miqdorining o‘sishi 2019 yilda 9,4foizni tashkil etib, 2018 yil (14 foiz) va 2017 yillarga (47,2 foiz)ga nisbatan sekinlashdi.


2017 yilda naqd pulga talab asosan pensiya, nafaqa (33,1 foiz) va ish haqi (33 foiz) to‘lovlari hisobiga shakllangan bo‘lsa, 2019 yilga kelib naqd mablag‘lar asosan bank kartalaridan naqdlashtirish va jismoniy shaxslardan chet el valyutasini sotib olish operatsiyalari salmoqli ulushlarga ega bo‘ldi.

Jumladan, xorijiy valyutani sotib olish uchun naqd pul chiqimlari ulushi 2019 yilda 2017 yilga nisbatan 7,9 foizli bandga oshib, 22,8 foizga, bank kartalaridan yechilgan naqd pullar ulushi esa 18,5 foizli bandga oshib, 25,3 foizga yetdi.

2019 yilda bank kartalariga kelib tushgan 112,7 trln. so‘mlik mablag‘larning naqdlashtirilgan qismi 36,6 trln. so‘m yoki 32,4 foizni tashkil etib, 2017 (6,1%) va 2018 yilga (17,4%) nisbatan sezilarli darajada oshdi.


2019 yilda bank kartalaridan yechib olinayotgan naqd pullarning asosiy qismi, 68,6 foizi (2017 yilda — 3,1 foizi, 2018 yilda — 40,0 foizi) bankomatlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

2019 yilda bank kartalari orqali hisob-kitoblar hajmining o‘sish sur’ati 11,7 foizni tashkil etib, naqd puldagi to‘lovlar hajmining o‘sish sur’atlariga (71,6 foiz) nisbatan past bo‘ldi. Natijada aholi tomonidan tovar va xizmatlar xaridi uchun amalga oshirilgan to‘lovlar tarkibida bank kartalari orqali hisob-kitoblar ulushi 2019 yilda oldingi yilga (53,1 foiz) nisbatan kamayib, 43,2 foizni tashkil etdi.

Mazkur holat bugungi kunda iqtisodiyotning chakana segmentida naqd puldagi hisob-kitoblar ko‘proq ma’qul (afzal) ko‘rilayotganligidan dalolat beradi, deyiladi sharhda.