O‘zbekistondagi yirik korxonalar har yili audit tekshiruvidan o‘tishi majburiy etib belgilanmoqda. Bu haqda 22 yanvar kuni prezident tomonidan imzolangan qonunda bayon etilgan, deb yozadi Spot.

Hujjatga ko‘ra, 24 martdan yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishi uchun ushbu bitim shartlarining tashqi auditorlik kompaniyasi tomonidan o‘rganilgan xulosasi zarur bo‘ladi. Auditorlik kompaniya esa bitimda ko‘rsatilgan mulkning baholovchi tashkilot belgilagan bozor qiymatini hisobga olishi shart.

Shuningdek, ushbu tartib kompaniyaning affillangan shaxs bilan bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishida ham qo‘llanilishi shart.

Jami aktivlarining balans qiymati 100 ming bazaviy birlikdan, ya’ni 22,3 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar har yilgi majburiy audit tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Ayni paytda har yilgi majburiy audit tekshiruvi aksionerlik jamiyati, bank va turli kredit tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari, davlat ulushiga ega korxonalar, davlat unitar korxonalari va boshqalar uchun tatbiq etiladi.

Kapital bozorni rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari aktivlarining balans qiymati asosida past narxlarda baholanib sotilib ketishi va bundan aksiyadorlar zarar ko‘rishi holatlari amalda ko‘plab kuzatilgan.

«Bunday holatlar minoritar aksiyadorlarning qonuniy manfaatlariga zid bo‘lib, investitsiya muhiti va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Qonunning qabul qilinishi aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirishga, xususan, korporativ boshqaruv sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va hozirgi zamon talablariga javob bermaydigan normalarni yangilash orqali minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, agentlik ushbu o‘zgartirish orqali O‘zbekiston Jahon bankining Doing Business-2021 xalqaro reytingining «Minoritar investorlar himoyasi» indikatorida o‘z o‘rnini yaxshilab olishidan umidvor.

Avvalroq, KPMG kompaniyasining O‘zbekistonga qaytishi, audit olamida mashhur bo‘lgan «katta to‘rtlik»ning barchasi mamlakatda ish olib borishi haqida xabar berilgandi.