21 yanvar kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi tasdiqlandi. Minbarda nutq so‘zlagan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning shaxsiy fazilatlari, hukumatni boshqarishdagi tajribasi va o‘tgan yillarda boshdan kechirganlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat rahbari nutqida bosh vazir lavozimiga nomzodni tanlash va uni tasdiqlash juda mas’uliyatli masala ekaniga urg‘u berdi.

«Bu hayot va mamot masalasi… Hech kimga sir emas, bu lavozimga chuqur bilim, katta tajriba, keng tafakkur va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, eng asosiysi — fidoyi, talabchan hamda tashkilotchi nomzodni tanlashimiz zarur. Albatta, turli sinovlarda toblangan, javobgarlikni zimmasiga olishga qodir, odamlar bilan til topisha oladigan, ularning hurmatini qozongan, qisqacha aytganda — ko‘pni ko‘rgan va jonkuyar insonni topish ancha murakkab va og‘ir vazifadir», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bosh vazir lavozimiga munosib odam haqida gapirib, u o‘z faoliyati va avvalgi ishida qilgan amallari bilan el-yurt erishgan yutuqlariga hissa qo‘shgan shaxs bo‘lishini ta’kidladi.

Bu masalada atroflicha o‘ylab, partiyadoshlar bilan maslahatlashgan davlat rahbari so‘nggi uch yil davomida bosh vazir lavozimida ishlagan Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi.

«14 yil bosh vazir bo‘lgan odam va uch marta ushbu lavozimga qayta tayinlangan shaxs sifatida bosh vazirning yuragidan qanday hislar o‘tayapti, bilaman. Abdulla Nig‘matovichni 20 yildan buyon bilaman. Ko‘p yillar yonma-yon birga ishlaganmiz. Hayotda ko‘p og‘ir tuhmatlarga qolgan, lekin shularni jasorat bilan yengib, hech qachon singan emas. Men shu lavozimga (muvaqqat prezidentlik — tahr.) vaqtincha bo‘lganimda ham bosh vazir o‘rinbosari qilib, Abdulla Aripovni adolat yuzasidan qaytarganim, bejiz emas», — dedi prezident.

Davlat rahbari Abdulla Aripovnning og‘ir tuhmatlarni boshdan kechirganini aytib, nutqi davomida ushbu masalaga qayta to‘xtalmadi.

2012 yil avgustda Abdulla Aripov bosh vazir o‘rinbosari — hukumatning Axborot tizimlari va telekommunikatsiya masalalari kompleksi rahbari vazifasidan ozod etilgandi. 2016 yil hukumat ishiga qaytguncha, u Toshkent axborot texnologiyalari universitetida pedagogik faoliyati bilan band bo‘lgan.