AQSH Senatida Donald Tramp impichmenti bo‘yicha tinglovv jarayoni boshlandi, deb xabar berdi Euronews. Bu AQSH tarixidagi uchinchi prezident impichmenti bo‘lishi mumkin.

Birinchi yig‘ilishda Senatdagi ko‘pchilik o‘ringa ega respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell taqdim etgan jarayonni «tezlashtirilgan tartibda» o‘tkazish bo‘yicha rezolyutsiyaga muvofiq, ayblov va himoya tomoniga ikki kun davomida o‘z dalillarini bayon qilishlari uchun 24 soat vaqt beriladi. Bu 20 yil oldin Bill Klinton impichmenti vaqtidagidan ikki baravar tezdir.

O‘tgan yilning dekabr oyida Vakillar palatasi ikki modda bo‘yicha — vakolatni suiiste’mol qilish va Kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish ayblovi bilan prezident impichmenini e’lon qilgan edi. Demokratlar Senatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilarning ko‘pchiligi ularning jarayonni o‘tkazish bo‘yicha talabini qabul qilishlari uchun ishni Senatga topshirishni kechiktirdi, biroq respublikachilar ularga yon bermadi.

Trampni ikki modda bo‘yicha aybdor deb topish uchun Senatning uchdan ikki qismi ularga ovoz berishlari kerak. Euronews`ning qayd etishicha, yuqori palatada ko‘pchilik o‘ringa ega respublikachilar bilan bu deyarli imkonsizdir.