Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Alshaya Group kompaniyasining mintaqaviy vakili Nenji Menxotra bilan uchrashdi, deya xabar qildi shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini, xususan, Toshkentda jahonga mashhur Starbucks qahvaxonalari tarmog‘ini ochish istiqbollarini muhokama qildilar.

Kompaniyaning mintaqaviy vakili Nenji Menxotra Toshkent hududida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarni qurish loyihasiga katta qiziqish bildirdi.

Xorijiy tomon yaqin besh yilga mo‘ljallangan demografik o‘sish ko‘rsatkichlariga asoslanib, shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mehmonlarga Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy, investitsion hamda turistik ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, xorijiy tomon Starbucks qahvaxonalari tarmog‘i va mehmonxonalarni ochish loyihasini amalga oshirish uchun zaruriy hujjatlarni tayyorlashi haqida ma’lumot berdi.

Alshaya Group — chakana franshizaning yetakchi xalqaro operatori bo‘lib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Rossiya, Turkiya va Yevropada Starbucks, H&M, Mothercare, Debenhams, American Eagle Outfitters, P.F. Chang’s, The Cheesecake Factory, Victoria’s Secret, Boots, Pottery Barn and KidZania kabi 90 ta iste’mol brendlariga hamda ko‘chmas mulk, qurilish, mehmonxonalar, avtomobil va umumiy savdo sohasida xoldinglarga egalik qiladi.