22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan taqdim etilgan yangi hukumat uchun nomzodlar ma’qullanishi kutilmoqda.



«Gazeta.uz» manbalariga ko‘ra, Transport vaziri lavozimida ishlagan Ochilboy Ramatov ushbu lavozimini tark etib, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomini saqlab qoladi.

Transport vaziri lavozimiga bosh vazir tomonidan Elyor G‘aniyev nomzodi ilgari surilgan. U ayni paytda hukumat rahbarining o‘rinbosari maqomida faoliyat yuritayotgandi. Shu bilan birga, G‘aniyevning bosh vazir o‘rinbosari sifatida lavozimni saqlab qolish masalasi ochiq qolmoqda.

Shuningdek, Senat qo‘mita raisi etib saylangan, shu paytga qadar madaniyat vaziri bo‘lgan Baxtiyor Sayfullayev o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov egallashi kutilmoqda.



Hukumat a’zolari tarkibida kutilayotgan yana bir o‘zgarish — Turizmni rivojlantirish qo‘mitasida yuz berishi mumkin. Rais Abdulaziz Oqqulov vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga ayni shu qo‘mitaga avval ham boshchilik qilgan Aziz Abduhakimov kelishi kutilmoqda. Abduhakimov bosh vazir o‘rinbosari sifatida turizm masalalarini ham yo‘naltirib turgan. Endilikda u bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida ish boshlashi mumkin.


O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining a’zolari bosh vazirning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan prezident tomonidan tayinlanadi.