O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakat taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari bildiriladi. Davlat rahbarining parlamentga qarata aytiladigan nutqini 24 yanvar kuni 11:00 dan boshlab deyarli barcha davlat va nodavlat mahalliy telekanallar orqali jonli efirda kuzatib borish mumkin.

Murojaatnoma O’zbekiston 24, O’zbekiston, Yoshlar va Mahalla teleradiokanallari, Madaniyat va ma’rifat, O’zbekiston tarixi, Dunyo bo’ylab, Oilaviy, Toshkent telekanallari hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniyalar, shuningdek, My5, Sevimli, UzReport, MilliyTV va Zo’rTV kanallari orqali uzatiladi.

Bundan tashqari, murojaatnomani davlat rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalari orqali hamda MTRK va O’zbekiston 24 saytlarida ham tomosha qilish mumkin.

Murojaatnoma O’zbekiston telekanalida surdo tarjima bilan, Toshkent va Oilaviy telekanallarida ruscha tarjimasi, Dunyo bo’ylab va Yoshlar telekanalida esa ingliz tiliga o‘girilgan holda efirga uzatiladi.

Prezidentning deputat va senatorlarga murojaatini «Gazeta.uz» Telegram-kanali orqali ham kuzatish mumkin.