Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin prezident Vladimir Putinga yangi hukumatni taqdim etdi, deb xabar berdi Meduza.

Yangi Vazirlar Mahkamasida avvalgi o‘n nafar o‘rniga to‘qqiz nafar bosh vazir o‘rinbosari bo‘ladi. Ulardan uch nafari — Tatyana Golikova, Yuriy Borisov va Yuriy Trutnev o‘z lavozimlarini saqlab qolgan. Yana oltitasi esa yangi kadrlar: Aleksey Overchuk (Federal Soliq xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari), Viktoriya Abramchenko (Rosreyestrning sobiq rahbari), Dmitriy Chernishenko (Gazprom Media sobiq bosh direktori), Dmitriy Grigorenko (Federal Soliq xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari), Marat Xusnullin (Moskva merining sobiq o‘rinbosari). Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa ilgari prezident yordamchisi bo‘lib ishlagan Andrey Belousov tayinlandi.

Shimoliy Kavkaz ishlari vazirligi tugatildi, qolgan 21 ta idoradan 9 tasida rahbarlar almashtirildi.

Maksim Oreshkin o‘rniga Iqtisodiy rivojlanish vazirligini ilgari Perm o‘lkasi gubernatori bo‘lgan Maksim Reshetnikov boshqaradi.

Roszdravnadzorning sobiq rahbari Mixail Murashko sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi, bu vazirlikni avval Veronika Skvorsova boshqargan.

Vladimir Medinskiy o‘rniga Madaniyat vazirligini Madaniyat vazirligining kinematografiya departamentining sobiq rahbari Olga Lyubimova boshqaradi.

«Rostelekom» vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Maksut Shadayev raqamli rivojlanish, telekommunikatsiyalar va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri lavozimiga tayinlandi, bu lavozimda shu vaqtgacha Konstantin Noskov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Maksim Topilinning o‘rniga moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Anton Kotyakov mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri bo‘ldi.

Ma’rifat vazirligini Rosobrnadzorning sobiq rahbari Sergey Kravsov boshqaradi, ilgari bu lavozimda Olga Vasileva ishlagan.

Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri lavozimiga Mixail Kotyukov o‘rniga Tyumen davlat universiteti rektori Valeriy Falkov tayinlandi.

Sport vaziri lavozimiga Talabalar sporti federatsiyasining prezidenti Oleg Matitsin Pavel Kolobkov o‘rniga tayinlandi.

Adliya vazirligida Aleksandr Konovalov o‘rniga Konstantin Chuychenko rahbar bo‘ldi. Adliya vazirligining yangi rahbari avvalroq hukumat apparatini boshqargan.

Qolgan 12 vazir o‘z lavozimlarini saqlab qoldi, ular orasida — sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, transport — Evgeniy Ditrix, mudofaa — Sergey Shoygu, tashqi ishlar bo‘yicha — Sergey Lavrov, energetika — Aleksandr Novak, qishloq xo‘jaligi — Dmitriy Patrushev.

«Hukumatimiz juda muvozanatli bo‘lib chiqdi. Avvalgi tarkibda ishlagan odamlar yetarlicha, ammo shu bilan birga juda katta yangilanish ham bo‘ldi. Ishonchim komilki, ushbu tarkib yordamida yuqori va eng munosib ko‘rsatkichlarga erishish mumkin bo‘ladi», — dedi Vladimir Putin.

Eslatib o‘tamiz, Dmitriy Medvedev boshchiligidagi avvalgi hukumat 15 yanvar kuni iste’foga chiqqan edi.