O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Tomsk viloyatida yuz bergan yong‘in jabrdiydalari yaqinlariga yordam berish, falokat sabablarini o‘rganish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, komissiya a’zolari zimmasiga quyidagilar yuklatilgan:

  • halok bo‘lgan fuqarolar va jabrlanganlarning yaqinlariga zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
  • jabrlanganlar va halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadini vatanga olib kelish bo‘yicha tashkiliy choralarni ko‘rish;
  • Rossiya mutaxassislari bilan hamkorlikda yong‘inni kelib chiqish sabablarini o‘rganish;
  • mahalliy hokimiyat va o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda vafot etgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularning oila a’zolariga dafn marosimlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Avval xabar qilinganidek, 21 yanvarga o‘tar kechasi Tomsk viloyatining Asinovskiy tumanidagi yog‘och uylardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Ushbu manzilda jami 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilishgan. O‘n kishi halok bo‘ldi, ikki kishiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Keyinroq, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Rossiyaning Tomsk viloyatida halok bo‘lgan to‘qqiz vatandoshning ism-shariflarini e’lon qildi.