21 yanvar kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Abdulla Aripov O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlandi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Avvalroq, eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi prezidentga amaldagi hukumat rahbari Abdulla Aripov nomzodini bosh vazir lavozimiga taqdim etgan edi.

Yig‘ilishda Aripov Vazirlar Mahkamasining yaqin va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Yashirin ovoz berishda Qonunchilik palatasining 148 nafar deputati prezident ilgari surgan nomzod uchun ovoz berdi, 1 nafari — betaraf qoldi va 1 kishi ovoz bermadi. Senatorlardan Abdulla Aripovni 94 nafari qo‘llab-quvvatladi, uch nafari betaraf qoldi. Parlament palatalaridan hech kim qarshi ovoz bermadi.

Abdulla Aripov (1961 yilda tug‘ilgan) 2016 yil dekabr oyida O‘zbekiston hukumatiga rahbar bo‘lgan edi. 10 yildan ortiq muddat — 2002 yil maydan 2012 yil avgustgacha bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Bunga parallel ravishda 2005−2009 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.

2016 yil sentyabr oyida mamlakatda yangi prezident saylanganidan keyin Abdulla Aripov hukumatga bosh vazir o‘rinbosari va Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari sifatida qaytdi.