Xitoy Davlat sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi koronavirusning odamdan odamga yuqishi holatlarini tasdiqladi, deb xabar berdi Novosti RAA.

Qo‘mita tibbiyot xodimlarining kasallik yuqtirishi bilan bog‘liq holatlar ham mavjudligi, hozirda 14 nafar tibbiyot xodimining kasallangani ma’lum ekanini qo‘shimcha qildi. Umuman olganda, Xitoyda 218 yuqtirish holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan 198 tasi — Uxanda, 5 tasi — Pekinda, 1 tasi — Shanxayda, 14 tasi — Guandun provinsiyasida. Virus Xitoydan tashqarida ham tarqalgan, yuqumli kasalliklar Janubiy Koreya, Yaponiya va Tailandda qayd etilgan.

Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan pnevmoniya kasalligi haqida dekabr oyining oxirida xabarlar paydo bo‘la boshladi. O‘shanda mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus — 2019- nCoV turi ekanligini aniqladi. Epidemiologik tekshiruv ba’zi bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari bozorida ishlaganini ko‘rsatdi.

Koronaviruslar — 30 dan ortiq viruslardan iborat oiladir, ular ikki kichik oilaga bo‘linadi. Ular birinchi marta 1965 yilda aniqlangan. Bu odamlar, uy hayvonlari, qushlar, cho‘chqalar, qoramollarga ta’sir qiladi. Koronavirus nafas olish tizimiga, oshqozon-ichak trakti va asab tizimiga zarar yetkazishi mumkin.

Virus tufayli JSST 22 yanvar kuni Jenevada bo‘lib o‘tadigan favqulodda yig‘ilishni chaqirdi. Uchrashuv ushbu kasallik xalqaro miqyosdagi sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat ekanligini aniqlash uchun o‘tkaziladi.