Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi chorva mollarini eksport qilishni butunlay taqiqlashga qaror qildi. Asosiy sabab — O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan mahsulot hajmining keskin o‘sishi.

O‘tgan yili Qozog‘istondan 156 ming bosh qoramol eksport qilindi. Ularning aksariyati — 121,6 ming bosh yoki 78 foizi O‘zbekistonga yetkazilgan.

Shuningdek, qariyb 264 ming bosh qo‘y qo‘ylar eksport qilindi, ularning yarmidan ko‘pi nasldor zotlar. Kichik qoramollarning asosiy xaridorlari ham O‘zbekiston bo‘lib, 200 mingdan ortiq qo‘y yoki 76 foizi yetkazib berildi.

«Keyinchalik qayta ishlash va qayta sotish uchun chorva mollarini ommaviy ravishda eksport qilish go‘sht mahsulotlari narxlarini spekulyativ oshirishga zamin yaratdi. Bundan tashqari, hozirgi vaziyat qozoq go‘shtni qayta ishlash korxonalari va ozuqa bazalari yukining kamayishiga olib keldi», — deyiladi Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida.

Yem-xashak va go‘shtni qayta ishlash zavodlari murojaatlari asosida 2019 yil 21 oktyabrdagi Qishloq va moliya vazirliklarining «Qishloq xo‘jalik hayvonlarini eksport qilishning ayrim masalalari to‘g‘risida» qo‘shma buyrug‘iga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, u shu vaqtgacha faqat nasldor mollarni eksport qilishni vaqtincha cheklagan edi. O‘zgartirish tirik holdagi yirik hamda barcha jins va yosh guruhidagi mayda shoxli mollarni olib chiqishni mutlaqo taqiqlaydi.

Qabul qilingan o‘zgarishlar «yaqin yillarda Qozog‘istonda chorva mollar sonini saqlab qolish va ko‘paytirishga, mahalliy go‘shtni qayta ishlash korxonalariga yuqori sifatli xom ashyoni arzon narxlarda yetkazib berish hamda tayyor qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishni ko‘paytirishga imkon beradi», deyiladi Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida.