O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filialini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, Nukus shahrida Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filialini tashkil etiladi.

Belgilanishicha, filial Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, elektr energetikasi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish

va boshqarish, mashinasozlik texnologiyasi va mashinasozlik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;

talabalar amaliyotini Tebinbuloq kon negizidagi kon-metallurgiya kompleksida tashkil etish va ularga ishlash imkoniyatini yaratish;

xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan, jumladan, kon-metallurgiya sohasida Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;

kon-metallurgiya sohasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;

respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish

va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq qilish;

vebinar ta’lim usullarini joriy etish va rivojlantirish.

Loyihada belgilanishicha, filialda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.