O‘tgan yil oxirida Xorazm viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida uch oy davomida majburiy davolangan bloger Nafosat Ollashukurova O‘zbekistonni tark etganini ma’lum qildi.

«Hurmatli vatandoshlar, men o‘z yurtimni tark etib ketishga majbur bo‘ldim. Buni jur’atsizlik yoki qochib ketish deb baholamasliklaringizni, aksincha, tark etib ketish deb bilishlaringizni xohlardim», — deb yozdi u Facebook- sahifasida.

Nafosat Ollashukurovaning ta’kidlashicha, o‘tgan yil davomida u bir necha bor tazyiqlarga uchragan hamda shoir va jurnalist Mahmud Rajapovning Xorazmdan Toshkentga piyoda yurish kampaniyasini yoritgandan so‘ng ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgani uning o‘zgarishlarga bo‘lgan ishonchi yo‘qolgan.

Ruxiy kasalliklar shifoxonasidan ozod etilib, Toshkentga qaytgach, u yo‘qligida uch marta ruhiy bemorlar ro‘yxatiga kiritish uchun uyiga shifokorlar kelgan. Nafosat Ollashukurovaning fikricha, uni yana ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishmoqchi bo‘lishgan.

Bloger noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh psixiatri Levon Ambarsumov uning ruhiy holati vaqtinchalik ekani va surunkali kasallik emasligini aytgan bo‘lsa ham nima sababdan uni ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatga o‘tkazishmoqchi ekanini so‘radi.

«Men O‘zbekistonda blogerlar erkin faoliyat ko‘rsata olmaydi, degan qarorga keldim va bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ldim», — deb yozdi u.

Nafosat Ollashukurova AQSH elchixonasi, Inson huquqlarini himoya qiluvchi «Ezgulik» jamiyati, xususan Abduraxmon Tashanov, advokat Umidbek Davlatovga mamlakatni tark etishga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Gazeta.uz»ga yaqinda bergan intervyusida Nafosat Ollashukurova o‘zini xavfsiz his qilmasligini, ammo u inson huquqlari sohasidagi faoliyatini davom ettirish niyatida ekanligini aytgan edi.