Yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududidan g‘arbiy sovuq front o‘tdi, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati. Ushbu sinoptik vaziyat natijasida respublikada hududi bo‘ylab yomg‘ir va qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatildi. Mamlakat shimoli va tog‘li tumanlarda asosan qor yog‘di.

Kavkaz hududidan kirgan antitsiklon respublika ustida asta harakat qilmoqda va bugun O‘zbekiston shimoliga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Dushanba tongida Samarqand viloyatining tekislik hududlarida 1−4 sm qalinlikda qor qoplami hosil bo‘ldi.

Bugun kun davomida mamlakat hududi bo‘ylab yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib turadi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat 0−5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

21−22 yanvar kunlari sovuq havo oqimi butun respublika hududini qamrab oladi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Tungi harorat 3−5 daraja sovuqqacha, shimoliy hududllarda 8 daraja sovuqqacha pasayadi. Kunduzi 0−5 daraja iliq bo‘ladi.

23 yanvarda sovuq antitsiklon sharqqa harakatlanadi, O‘zbekiston hududining katta qismi Turkmaniston hududidan kirgan nam havo oqimlari ta’sirida bo‘ladi. Respublika bo‘ylab ob-havoning ochiq va quyoshli bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 7−9 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Tungi harorat esa yuqorida ko‘rsatilgandek saqlanib turadi.

24−25 yanvarda g‘arbiy antitsiklon kirishi kutilmoqda. Iliq janubiy oqimlarning saqlanib turishi hisobiga mamlakat hududi bo‘ylab yomg‘ir yog‘adi. Tog‘li tumanlarda yog‘ingarchilik (qor, yomg‘ir) bo‘ladi. Shu kunlarda havo harorati kechasi 2 daraja sovuq — 3 daraja iliq, kunduzi 2−7 daraja iliq bo‘ladi, bu ko‘rsatkichlar yilning shu davri uchun xos bo‘lgan me’yorlarga yaqindir.