O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishidagi nutqida uch nafar deputat nomini aytib, ularga jonkuyarligi uchun minnatdorlik bildirdi.

«Orangizda jonkuyar deputatlar bor. Amaldorlarning tartib buzishi, axloq-odob qoidalariga bo‘ysunmasligiga deputatlar bir chetda jim qarab turmasligi kerak», — deb ta’kidladi davlat rahbari.

Xususan, deputat Rasul Kusherbayev haqida so‘zlar ekan, uning ko‘pchilikka yoqmasligi, biroq unga deputatlik faoliyati yoqishini ma’lum qildi. «Yangi deputatlar ta’sirchan parlament nazoratini olib borish bilan xalq ishonchini qozonishi lozim», — deya davom etdi prezident.

Deputat Rasul Kusherbayev so‘z olib, prezident Shavkat Mirziyoyevga: «Mamlakatimizda oshkoralik bo‘yicha islohotlarning yangi bosqichga chiqqani bizni o‘zgarishlarga majbur qilyapti. Davlat rahbari sifatida bu sizning siyosiy irodangiz bilan bog‘liq», — dedi.

«Menga savollar bo‘ladi: ilgari qayerda eding, orqanda kim turibdi? Ochig‘i, ortimda saylovchilar turibdi. Shiddat va shijoatni sizdan olyapman. Ayrim byurokratlar sabab, shijoatimiz sinib qolishi mumkin edi. Sizning ishonchingiz kuch bermoqda. Hokimlar ham o‘zgarishga majbur bo‘lyapti», — deya ta’kidladi deputat.

«Odamlar turmushiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi normativ-hujjatlarni parlament darajasida ko‘rib chiqib, qabul qilishga o‘tishimiz kerak. Saylovchilar bizdan buni talab qilyapti», — dedi deputat Rasul Kusherbayev.

«Parlament bu masalalarni o‘z gardaniga olib, barkamol qonun darajasida ishlab chiqishi lozim. Bundan keyin ham sizning qo‘llovingiz davomiy bo‘lsa, biz doim bu masalalarni hal qilishga tayyormiz», — deya ta’kidladi u.

«O‘tgan davrda Quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha joylarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi 1000 ga yaqin normalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

«Aholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010−2014 yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi», — dedi davlat rahbari.