Integratsion birlashmalarga qo‘shilish O‘zbekiston mustaqilligini yo‘qotishini anglatmaydi, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Senatning birinchi yig‘ilishida. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Integratsiya to‘g‘risida bir narsa aytmoqchiman, mana, sizlar ham deputatsizlar, ertaga murojaatnomada men ham aytmoqchiman. Bilasizlarmi, hozirgi katta katta islohotlarimizga to‘siq bo‘lmasligi uchun integratsiyaning katta masalasi, bu ko‘pchilik fuqarolarimiz chet elda ishlamoqda. Chet el deganimiz, bizning qo‘shnilarimiz — Qozog‘iston va Qozog‘istondan keyin Rossiya. Ular bilan biz qanday hamkorlik qilishimiz kerak? Biz ularga bepisand qarashimiz mumkinmi shuncha odamlarimiz ishlab yurganda? Noto‘g‘ri bu. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, buning ichiga kirishlari kerak», — dedi davlat rahbari.

«Siyosiy nuqtai nazaridan, bir narsani bilinglar — hech kim mustaqillikni hech kimga berib qo‘ymaydi. Sizlarning qo‘llaringizda va xalq ishongan prezidentning qo‘lida. Anoyi emasmiz, nimani beramiz? Avvalambor biz unga a’zo bo‘lib kirmayapmiz. Hozirgi sharoitda ma’qulmi, ma’qul emasmi, bizning ishlarimiz qanday?», — deya ta’kidladi u.

«Ikkinchidan 2 mlrd dollarlik meva-sabzavotlarimizni qayta ishlash bo‘yicha juda katta jarayonni boshlab yubordik. Bilasizlar, 30 yil ichida eksportga mo‘ljallangan birorta ham mahsulotimiz standartga to‘g‘ri kelmagan. Biz Yevropa bilan GSP+ standarti ustida ish olib borayapmiz. Lekin bir narsani bilinglar — shuncha tayyorlagan mahsulotimizni qayerga olib borib sotamiz? Kim bizni kutib turibdi? Kim? Ertaga shuncha meva-sabzavotni muzlatkichga qo‘yib o‘tirgan odam menga aytmaydimi: „Ey, kattakon, sen menga shuncha kredit oldirib qo‘ydirganding, mana, omborxonada turibdi. (Mijoz) topib kel, pul ber menga“.Qayerga olib borishimiz kerak? To‘g‘ri, Yevropaga 3−4, 5 dollarga qimmatroq bo‘ladi, lekin uning standartini qilish uchun biz avvalo yerni pestitsidlardan tozalashimiz, yerning sho‘rini yuvishimiz kerak. Yer zaharlangan, suvimiz zaharlangan. Yillar davomida», — dedi prezident.

«Kimdir xomxayolga borib mustaqillikni birovga berib qo‘yadigan gaplar, ular — havoyi gaplar. Avvalambor xalq bor. Falonchi odamning gapi bilan mustaqillik birovga berib qo‘yilmaydi. Sizlar bilinglarki, biz mana shu islohotlarimizga birov tanbeh bermasin, hamma xayrixoh bo‘lib tursin, biz oyoqqa turib olaylik. Kuzatuvchi degan gap bor, u a’zo bo‘lish degani emas. Tomoshabin degan gap. Qarab turadi — qaysi tomoni ma’qul, qaysi tomoni ma’qul emas», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) haqida gapirmadi, ammo uning so‘zlarini ushbu ittifoqqa kirish mumkinligi haqidagi munozaralarga javob sifatida qabul qilish mumkin.