18 yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati. Tadbirda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov qatnashdi.

Qayd etilishicha, oliy ta’lim tizimida asosan talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilmoqda.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

2018 yilda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik Markazi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy ta’lim tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019 yilda bu salbiy ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning avgust oyida Internet orqali o‘tkazilgan so‘rovda Yuridik, Iqtisodiyot, Milliy, Axborot texnologiyalari universitetlari hamda Tibbiyot akademiyasi korrupsiya eng ko‘p tarqalgan oliy o‘quv yurtlari sifatida ko‘rsatilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Jumladan, o‘qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritish uchun 10 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

Ijodiy imtihon jarayonlari xolis va adolat bilan o‘tkazilmayotganligi tanqid ostiga olindi. Xususan, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisiС., qabul komissiya a’zosi ekanligidan foydalanib, fuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

So‘nggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korrupsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Bosh prokuror ma’ruzasida, mutasaddilarga oliy o‘quv yurtlarining ta’lim tilidagi zamonaviy darslik va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zarurligini ko‘rsatdi.

Tahlillar, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv rejalaridagi fanlarning 24 foizi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavjud emasligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida 1.552 nafar talaba tahsil olsa-da, bor — yo‘g‘i 15 nomdagi 45 donadarslik mavjud.

Ayrim oliy o‘quv yurtlarida darslik va o‘quv qo‘llanmalari ma’nan eskirib, hozirgi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Masalan, to‘qimachilik sohasidagi oliy o‘quv yurtlaridagi 429 ta darslik va qo‘llanmaning har to‘rtinchisi 10 yildan 30 yilgacha, har uchinchisi 30 yildan 50 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida nashr etilgan.

Magistratura yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan ayrim suiiste’molchilik holatlari keskin tanqid qilindi. O‘zbekiston Milliy universitetida dekan lavozimiida ishlagan A. va o‘rinbosari Yu. fuqaro R.ni magistratura yo‘nalishiga kiritish evaziga undan 2 ming AQSH dollari olganligi uchun unga nisbatan sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori magistratura bosqichiga sinovdan o‘tgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirgan. Mazkur holat bo‘yicha aybdor shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Talabalar o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiyaga duch kelayotganligi, bunga oliy o‘quv yurti va vazirlik ayrim mutsasaddilari bosh qo‘shganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Muqaddam oliy ta’lim sohasida ishlab, ta’lim bilan bog‘liq poraxo‘rlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan U. Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlab, ta’lim bilan bog‘liq qator jinoyatlarga qo‘l urgan. Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan ikki nafar talabaning o‘qishini Toshkentdagi oliygohlarga ko‘chirish uchun 4 ming AQSH dollari olganligi fosh etilgan. Bundan tashqari, tergovda, U. yana 6 ta holatda o‘qishga kiritish, talabalarning o‘qishini tiklash va ko‘chirish masalasini hal qilishga va’da berib, 14 ming AQSH dollarini pora tariqasida olganligi aniqlangan.

Yig‘ilishda komissiya raisi, korrupsiya holatlariga ta’lim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab bo‘lganligini ko‘rsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim o‘zigategishli xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladi.

Oliy ta’lim muassasalari ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yig‘ilish a’zolari tomonidan muhokama etilib, ilmiy daraja berish tartib — taomillaridagi murakkabliklar, o‘rinsiz talab va korrupsiyaviy omillar ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatayotganligi qayd etildi.

Byudjet mablag‘larini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolayotganligi, o‘tgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasalarining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oliy ta’lim sohasida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri — ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yo‘lga qo‘yilmagani, deb ko‘rsatdi komissiya raisi.

Ma’ruza yakunida bosh prokuror oliy ta’lim masalasiga e’tiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlarhaqida so‘z yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

«Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir. Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi.

Ta’limning inqirozi — bu millat inqirozidir".