Bugun Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda bosh vazir lavozimiga nomzod Abdulla Aripov hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi.

«Rivojlangan va zamonaviy yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish — bu nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirishning, balki aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning garovidir.

Mazkur masalalar ham yaqin muddatda va uzoq istiqboldagi muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Bu borada rivojlangan davlatlarning tajribasini o‘rgangan holda 2020−2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasining transport tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Mazkur strategiyalar ijrosini ta’minlash natijasida 2020−2025 yillarda jami 21 ming 167 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi vamintaqaviy ichki yo‘llar hamda 280 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar rekonstruksiya qilinadi vata’mirlanadi. Shuningdek, 1 ming 100 km uzunlikdagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlab, xalqaro tranzit hajmini 3 baravarga oshirishga erishiladi.

2035 yilgacha bo‘lgan davrda yillik yuktashish hajmi 1,2 mlrd tonnadan 2,5 mlrd tonnaga, yo‘lovchi tashish hajmi 2019 yildagi 6 mlrd yo‘lovchidan 9 mlrd yo‘lovchiga yetkaziladi".