Bugun ertalab AQSHning Ayova shtati Sloan shahrida professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Shu mag‘lubiyat va murosa nimaligini bilmay kelayotgan Shohjahon Ergashev faoliyatidagi 18-jangini meksikalik Adrian Estrellaga qarshi o‘tkazdi. Bu haqda Olamsport xabar berdi.

O‘n raundga mo‘ljallangan jang birinchi raunddayoq yakunlandi. Shohjahon chap qo‘li bilan bergan aniq va kuchli zarbasi bilan raqibini yiqitdi. Shundan so‘ng Estrella o‘rnidan tura olmadi.

Shu tariqa, Shohjahon faoliyatidagi 18-jangini nokaut bilan yakunladi. Ma’lumot uchun, u prof ringda 18 marotaba jang o‘tkazgan va ularning 16 tasida raqiblarini nokaut evaziga mag‘lub etgan.

Qayd etish lozimki, Shohjahon ushbu janggacha ham birinchi yarim o‘rta vazn toifasi reytingida raqibidan yuqorida turgandi.