Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) amaldagi mamlakat bosh vaziri lavozimiga amaldagi hukumat rahbari Abdulla Aripov nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish shanba kuni Toshkentda partiya siyosiy kengashi yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonunchilikka ko‘ra, bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda eng ko‘p o‘rin olgan siyosiy partiya (yoki eng ko‘p teng miqdorda o‘ringa ega bo‘lgan bir nechta partiyalar) tomonidan taklif etiladi.

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov yig‘ilishda so‘zga chiqib, o‘tgan saylovlarda partiya 150 deputatlik o‘rnidan 53tasini qo‘lga kiritganini va to‘rtinchi marta parlamentdagi eng katta fraksiyani tashkil etganini ta’kidladi.

Partiya tomonidan taqdim etilgan nomzod O‘zbekiston prezidenti tomonidan ko‘rib chiqilishi va 10 kun ichida uni Oliy Majlis palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etilishi kerak.

Oliy Majlisda uning nomzodini ko‘rib chiqish chog‘ida hukumat rahbari lavozimiga nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘prog‘i ovozi bersa, nomzod tasdiqlangan deb hisoblanadi.

Abdulla Aripov (1961 yilda tug‘ilgan) 2016 yil dekabr oyida O‘zbekiston hukumatiga rahbar bo‘lgan edi. 10 yildan ortiq muddat — 2002 yil maydan 2012 yil avgustgacha bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Bunga parallel ravishda 2005−2009 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.

2016 yil sentyabr oyida mamlakatda yangi prezident saylanganidan keyin Abdulla Aripov hukumatga bosh vazir o‘rinbosari va Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari sifatida qaytdi.