O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muhim tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, neft-gaz tarmog‘i, transport va boshqa sohalarda islohotlarni davom ettirishga ko‘makni kengaytirish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish borasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi sheriklik bo‘yicha yangi uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga kelishib olindi.

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi. O‘tgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan yangi istiqbolli loyihalarni ma’qulladi.

16 yanvar kuni Senat raisi Tanzila Narbayeva JB delegatsiyasi bilan uchrashgan edi. Bank vakillari milliy iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida Oliy Majlis Senati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuvda Jahon banki Oliy Majlis Senatining qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirish, shu jumladan kasanachilik bilan shug‘ullanadigan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani ta’kidlandi. Ushbu loyiha The Japan Social Development Fund (JSDF) dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Xuddi shu kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — transport vaziri Ochilboy Ramatov Jahon banki delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi. Tomonlar Jahon banki bilan hamkorlikda mamlakat transport infratuzilmalari, jumladan aeroportlar, avtomobil yo‘llari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov bilan uchrashuvda Siril Myuller sabzavotchilik tarmoqlarida eksport xajmlarini sezilarli darajada oshgani va buning natijasida mamlakat savdo balansining optimallashganini ta’kidlab o‘tdi. Bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, milliy iqtisodiyotni barqarorligi oshganini alomati bo‘lib hisoblanadi. Aholining tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilinishi hisobiga iqtisodiyotning real sektorini jadal rivojlantirishga e’tibor karatish tavsiya etildi, bu esa, o‘z navbatida, byudjet daromadlarini ko‘paytirish orqali aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga imkon yaratadi. U aholining tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish hisobiga iqtisodiyotning real sektorini jadal rivojlantirishga e’tibor karatish lozimligini tavsiya qildi.