16 yanvar kuni Rossiyaning Saratov viloyatida ichida 8 kishi, jumladan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi ketayotgan mikroavtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati respublikaning Qozon shahridagi bosh konsulligiga tayanib.

Hodisa oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, uch kishi Saratov viloyat klinik shifoxonasiga yotqizildi.

«Vzglyod-info» axborot agentligining xabar berishicha, avtohalokatda jami to‘rt kishi halok bo‘lgan, besh kishi yaralangan. Baxtsiz hodisa payshanba kuni ertalab Polchaninovka qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Volga avtomobili va Hyundai miniveni to‘qnashgan. Mikroavtobus yo‘nalishli emas, shaxsiy bo‘lgan, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi huquqni muhofaza qilish idoralari va tibbiyot muassasalari bilan aloqa o‘rnatgan.