O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qonunchilikka SSPga majburiy a’zolikka qabul qilinadigan tadbirkorlik subyektlari doirasini kengaytirishga qaratilgan tuzatishlarni kiritish taklifi yuzasidan izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, qonundagi: “Palataga a’zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun esa majburiy” jumlasidan “biznes va xususiy” so‘zlarini chiqarib tashlash taklif etilmoqda.

SSP matbuot xizmati bayonotida keltirilishicha, internetda norozilik keltirib chiqargan o‘zgartishlar a’zolikka faqat yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarning a’zoligini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, kichik biznes subyektlari uchun esa a’zolik ixtiyoriy bo‘lib qoladi.

Dunyoda Savdo-sanoat palatalarini tashkil etishning bir nechta modellari mavjud. Yevropa modeli tadbirkorlarning umummajburiy a’zoligiga asoslanadi (Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstriya, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar). Shuningdek qisman majburiy a’zolik (Yaponiya, Singapur) va ixtiyoriy a’zolik modellari mavjud (Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston), deya aniqlik kiritmoqda palata.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, 1996-yilda tashkil etilgan palataning maqsadi, xususan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

“Belgilangan funksiyalarni bajarib borib, birgina 2019-yilda Palata tomonidan tadbirkorlar ishtirokida 888 ta me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazildi, shundan 521 ta loyihalar biznesni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan; tadbirkorlar manfaatlarida 6,3 trln. so‘mlik 70 mingdan ortiq da’vo arizalari kiritilgan; Palataning hakamlik sudlari tomonidan 243 mlrd so‘m miqdorida 10,6 mingta da’vo arizalari ko‘rib chiqildi; 184,7 mingta bepul xizmat ko‘rsatildi (bu barcha xizmatlarning 94,7 foizi); 130 mln AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinishiga va 67,7 mln AQSH dollariga teng mini-texnologiyalar sotib olishga ko‘maklashdi; 75 ta biznes forumlar va ko‘rgazmalar tashkil etildi; 15,4 ming fuqarolar va tadbirkorlar biznes asoslari bo‘yicha o‘qitildi, ulardan 79 nafari chet elda malaka oshirdi”, — deyiladi bayonotda.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha deyarli barcha choralar Palata tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan bepul ta’minlanadi, uning yagona manbai a’zolik badallari hisoblanadi. Masalan, bitta biznes-forum kabi bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun katta mablag‘ va kuch talab qilinishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qilgan palata “unga yuklangan vazifalarni faqat yuqori malakali xodimlarni jalb qilgan holda barqaror moliyaviy holati mavjudligida bajarish mumkin"ligini ta’kidlab o‘tdi.

Yangi tahrirdagi “Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonun"da qisman majburiy a’zolik joriy etilgan. Bugungi kunda Palata a’zolari 20321 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt (shundan atigi 4575 tasi 2019 yilda a’zolik badalini to‘lagan) bo‘lib, shulardan 15978 tasi — yakka tartibdagi tadbirkorlar, 218 tasi — yirik tadbirkorlik subyektlari, 4125 tasi — boshqa yuridik shaxslardir. Agar mamlakatda 663270 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritayotganligini hisobga olsak, ularning atigi 3,1 foizi palata a’zolaridir, deya qayd etdi SSP.

Ushbu qonunning 17-moddasida faqat yirik tadbirkorlik subyektlarining majburiy a’zoligi nazarda tutilgan. Amaliyotda xam, qonunning ushbu normasi aynan shunday amalga oshiriladi.Mavjud 2313 ana shunday korxonalardan bor yo‘g‘i 218 tasi palataning majburiy a’zosi bo‘ldi, ularning aksariyati davlat ulushiga ega.

“Palataga qisman majburiy a’zolikning joriy etilishi Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid emas, — deya qayd etdi SSP. — Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunning 3-moddasida “Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar hamda boshqa ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarini tuzishning, ular faoliyatining, qayta tashkil etilishi va tugatilishining xususiyatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasining u yoki bu munosabatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonunning normalari qo‘llaniladi” deb belgilangan”.

Qonunda “va xususiy tadbirkorlik” so‘zlari chiqarib tashlanishi faqat yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarning a’zoligini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, kichik biznes subyektlari uchun esa a’zolik ixtiyoriy bo‘lib qoladi, deyiladi SSP bayonotida.