Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosi bilan bog‘liq normalarni Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qildi. Bunday tuzatishlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriq prezident Shavkat Mirziyoyevning dekabrda imzolagan farmonidan o‘rin olgan edi.

Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi sanksiyasidan (tuhmat) 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini chiqarib tashlash taklif qilinmoqda. Bunda bazaviy hisoblash miqdorining 200 dan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari ko‘rinishidagi jazo choralarini saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, ushbu qismga «Internet tarmog‘i axborot resurslari orqali» tuhmat va haqorat uchun javobgarlik biriktiriladi.

Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (tuhmat og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; xavfli retsidivist tomonidan; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa) sanksiyasidan 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo bilan bog‘liq me’yor chiqarib tashlanadi. Ular o‘rniga BHMning 400 dan 500 barvarigacha jarima yoki 300 dan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari ko‘rinishidagi jazo choralarini joriy etish taklif qilinmoqda.

Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismini (haqorat qilish) tahrir qilish hamda unga internetni kiritish taklif qilinmoqda: ««Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda, ommaviy axborot vositalari yoxud Internet tarmog‘i axborot resurslari orqali haqorat qilish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi».

Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismidagi «a» bandini (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 2-qismi (haqorat qilish) sifatida ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazish tavsiya etiladi. Ushbu huquqbuzarlik uchun 1 yilga ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga BHMning 40 dan 60 baravarigacha jarima taklif etilmoqda.

Ushbu moddaning 3-qismi quyidagicha yangilanadi: «Shunday harakatlar xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa — BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi». 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo chiqarib tashlanadi.

Shuningdek, qonun loyihasida Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasini quyidagicha tahrir qilish taklifi ilgari surildi: «Ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i axborot resurslari bergan xabarlar

Muayyan jinoyat to‘g‘risida matbuot, radio va televideniye, hujjatli kinofilmlardagi, shuningdek ommaviy axborot vositalari yoki Internet tarmog‘i axborot resurslariga yo‘llangan, lekin e’lon qilinmagan xatlardagi xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat to‘g‘risidagi xabarni e’lon qilgan yoki tegishli joylarga yuborgan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘i axborot resurslari, shuningdek bu xabar mualliflari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning talabiga asosan o‘z ixtiyorlarida bo‘lgan hujjatlarni va xabarni tasdiqlovchi boshqa materiallarni taqdim qilishlari shart".