16 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrov bilan uchrashdi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashdi.

«Vazirlar so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanib, keng qamrovli tus olganini mamnuniyat bilan qayd etdilar», deyiladi xabarda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida faqat iqtisodiy sohada vazirliklar va idoralar, viloyatlar delegatsiyalari, kompaniya rahbarlari va ishbilarmon doiralar tomonidan 130 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Joriy yilda hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyalar, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, ta’lim va OAV sohalaridagi mintaqalararo hamkorlik forumlari hamda boshqa ikki tomonlama tadbirlar muddatlari va kun tartiblari bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

BMT, MDH, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida vazirlar O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2020−2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar.