16 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrovni qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida prezident strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish sur’ati tobora ortib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajadagi muloqot muntazamlik kasb etgani, o‘zaro almashinuvlar misli ko‘rilmagan darajada faollashgani, ko‘p qirrali hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kengayib borayotgani bundan dalolat beradi.

Sergey Lavrov samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning dildan salomlarini yetkazdi. Ikki rahbarning mamlakatlar o‘zaro hamkorlikda bugungi darajaga erishishidagi hal qiluvchi roli alohida qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.