O‘zbekiston prezidenti notariat tizimini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deya xabar qildi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati. Hujjat 9 dekabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 14 dekabrda parlament yuqori palatasi tomonidan ma’qullangan edi. U 15 yanvar kuni davlat rahbari imzolaganidan so‘ng kuchga kirdi.

Qonun bilan «Garov to‘g‘risida"gi, «Notariat to‘g‘risida"gi, «Lizing to‘g‘risida"gi, «Ipoteka to‘g‘risida"gi, «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida"gi, «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi, «Mediatsiya to‘g‘risida"gi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlanadigan «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati»ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun quyidagilarni nazardu tutadi:

  • davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralarga bosqichma-bosqich o‘tkazish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining faoliyatini tashkil etish tartibi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari;
  • ayrim turdagi bitimlar uchun majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish, shuningdek notarial harakatlarning yangi turlarini joriy etish;
  • mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga olish (ijaraga berish) va undan bepul foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim talablarni bekor qilish hamda bunday turdagi bitimlarni tasdiqlash jarayonini soddalashtirish;
  • notarial harakatlarni masofadan, shu jumladan videokonferensaloqa yordamida amalga oshirish mexanizmini joriy etish;
  • notarius kasbiy majburiyatlarni bajarishi vaqtida yetkazilgan zarardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish;
  • notariusga elektron murojaat qilish tizimini takomillashtirish orqali tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish.

«Ilg‘or xorijiy tajribaning ko‘rsatishicha, jismoniy va yuridik shaxslar oldini oluvchi odil sudlov funksiyasini bajaradigan notariatning faol nodavlat modeliga ehtiyoji oshgan. Bunday notariat jamiyatda o‘zgarayotgan jarayonlarga tezlikda javob qaytarishga, iste’molchilarning ehtiyojlariga qarab tezda o‘zgarishga qodir», — deyiladi xabarda.