2016 yilda poytaxtda ochilgan besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Uchrashuv prezidentning 2019 yilda Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga qilgan tashriflaridan so‘ng erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Xabar qilinishicha, BAA ishtirokida ustav kapitali 1 milliard dollarni tashkil etuvchi The Abu Dhabi Uzbek Fund sarmoyaviy jamg‘armasi tashkil etilgan. Bugungi kunga kelib ushbu jamg‘arma mablag‘laridan kichik va o‘rta loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, Samarqandda mehmonxona qurilishi va Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish uchun mablag‘ ajratish tasdiqlandi.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbalarining aniqlik kiritishicha, Hyatt Regency Tashkent uchun 110 million dollar jalb qilish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda mehmonxona investitsion kompaniya jamoasi tomonidan baholashdan o‘tkazildi. Hisobot, shu jumladan ob’ektning moliyaviy modeli jamg‘arma kuzatuv kengashiga taqdim etiladi.

Hozirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining baholash hisoboti kutilmoqda, keyinchalik u muzokaralar uchun Amirlikka taqdim etiladi.

Mehmonxona egasi — «Poytaxt qurilish va xizmat» DUK. Hyatt Regency Tashkent qurilishi qiymati 205 million dollarni tashkil etadi. Shu jumladan, «Xalq banki»ning 7 yil muddatga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan 100 milliard so‘mlik kredit (1 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 9 foiz stavkasi bilan) taqdim etilgan edi. «Xalq banki» va «Poytaxt qurilish va xizmat» o‘rtasida kredit shartnomasi, istisno tariqasida, Markaziy bank standartlarini qo‘llamasdan tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 2020 yilgi byudjeti loyihasida Hyatt Regency Tashkent kreditlarini qoplash uchun 66,4 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Poytaxt ma’muriyati matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 fevraldagi 49-sonli qarori asosida davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilgan (hujjat ochiq ma’lumotlarda mavjud emas).