14 yanvar kuni andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinov (Otabek Nuritdinov taxallusi bilan tanilgan) ozod qilindi, deya xabar berdi uning advokati Umidbek Davlatov «Gazeta.uz»ga. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, Abdufatto Nuritdinov birinchi navbatda yangi tug‘ilgan o‘g‘li va xotinini ko‘rish uchun tug‘ruqxonaga borgan.

30 dekabr kuni faolga qarshi Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov, tumandagi 37-sonli maktab direktori Muxayyo Isoqova, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukov va «Suvokova» korxonasi tuman bo‘limi boshlig‘i Bahodir Qahxorov sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishgan. Shu kunning o‘zida murojaatlar ko‘rib chiqilib, ish ochilgan, tergov olib borilgan va ish sudga yuborilgan. Andijon ma’muriy sudi Abdufatto Nuritdinovni tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topgan hamda 13 million so‘m jarima va 15 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilgan.

Abdufatto Nuritdinov o‘z aybini tan olmay, o‘zining shaxsiy fikrini davlat idoralari vakillari va fuqarolarning obro‘sini to‘kish deb hisoblamasligini, shuningdek, 30 dekabr kuni hech kimni haqorat qilmaganligini aytadi.

4 yanvar kuni Andijon viloyat ma’muriy sudining kassatsiya instansiyasi uning shikoyatini rad etib, Andijon viloyat ma’muriy sudining 30 dekabrdagi unga nisbatan qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Abdufatto Nuritdinovning hibsga olinishini izohlar ekan, tuhmat va haqorat uchun qamoqqa olish bilan bog‘liq normani tezroq bekor qilish zarurligini ta’kidladi.

Bloger ijtimoiy tarmoqda Asaka shahridagi mansabdor shaxslarning faoliyatidagi korrupsiya holatlari, byudjet mablag‘larining o‘zlashtirilishi va talon-taroj qilinishi haqida yozib kelgan.