13 yanvar kuni soat 13:10 atrofida Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududida «Qarshi-Samarqand» yo‘nalishi bo‘ylab A-378 avtomobil yo‘lining 19-kilometrida 13 ta avtomashina ishtirokida yirik YTH sodir bo‘ldi. O‘zbekiston IIV YHXB hodisa tafsilotlarini ma’lum qildi.

Boshqarmaning qayd etishicha, haydovchi T.U. «Kamaz» rusumli yuk mashinasini «Qarshi-Samarqand» yo‘nalishida boshqarib borayotib, qalin tuman tushgani, qor yog‘ayotgani va ko‘rinish cheklanganligi sababli yo‘lning o‘ng chetiga to‘xtamoqchi bo‘lgan. Biroq shu yo‘nalishda orqada harakatlanib kelayotgan «Ford» rusumli avtomobil haydovchisi E.T. yo‘lning qatnov qismi muzlaganligini inobatga olmagani oqibatida «Kamaz»ning orqa qismiga urilgan. Shuningdek, ushbu avtomobil orqasidan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi S.O. boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli va yana 10 ta turli rusumdagi yengil avtomobil yo‘lning sirpanchiqligi tufayli ketma-ketlikda to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etishgan.

Natijada, «Ford» haydovchisi T.E, yo‘lovchisi Sh.Q., «Neksiya» yo‘lovchilari Z.X. va R.J. yengil darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilib, so‘ngra uylariga javob berilgan.

Bundan tashqari, oradan taxminan 5 daqiqa vaqt o‘tib, hodisa sodir bo‘lgan joydan 300 metr orqada Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi E.B. «Neksiya-2» rusumli avtomobilni «Qarshi-Samarqand» yo‘nalishida boshqarib borayotib, yo‘lning qatnov qismidagi muzamaliklarni inobatga olmaganligini natijasida shu yo‘nalish bo‘ylab oldinda harakatlanib borayotgan Qozog‘istonning Olmaota viloyatida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi P.S. boshqaruvidagi «Mersedes-Bens» rusumli yuk avtomobili yarim tirkamasining orqa qismiga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Natijada «Neksiya-2» haydovchi B.E. «o‘ng bilak sohasini sinishi», yo‘lovchisi N.X. «ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, qovurg‘a suyaklarining sinishi» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shunindek, yo‘lovchilari Q.B. va R.Ch. yengil darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilishgan, zarur tibbiy yordamdan so‘ng uylariga javob berilgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisalari oqibatida hech kim vafot etmagan. Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Samarqand viloyati IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.