O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz»ga Toshkentda dizayner Nariman Grigoryan o‘limi tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 14 yanvar kuni soat 11:50 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga hodisa to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra, Yashnobod tumani, Chigil ko‘chasida joylashgan xonadonning mehmonxonasidan ushbu xonadonda ijarada istiqomat qilib kelgan 1985 yilda tug‘ilgan Nariman Grigoryanning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Nariman Grigoryan — taniqli o‘zbek dizayneri, xoreografi, «Todes» guruhi birinchi tarkibining sobiq a’zosi, xalqaro ko‘rgazmalar, tanlovlar va festivallar ishtirokchisi. 2004−2008 yillarda O‘zbekiston Xoreografiya akademiyasida tahsil olgan. U Toshkentda Nariman Grigoryan savdo belgisi ostidagi moda uylariga egalik qilgan.