13 yanvar kuni O‘zbekistonda viloyat va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarining saylovdan keyingi ilk sessiyalari bo‘lib o‘tdi, ularda viloyatlar hokimlari saylanib, tasdiqlandi.

Barcha viloyatlarda va poytaxtda xalq deputatlari prezident Shavkat Mirziyoyev taqdim etgan nomzodlarni — amaldagi hokimlarni o‘z lavozimlariga bir ovozdan tasdiqladilar. Shu kunning o‘zida davlat rahbari viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarga imzo chekdi.

Dushanba kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining ham birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda prezident roziligi bilan Musa Tajetdinovich Yerniyazov Jo‘qorg‘i Kenges raisi etib qayta saylandi. Ushbu sessiyada, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisining O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan Sariyev Kaxraman Ramatullayevich Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi lavozimiga tayinlandi. Qahraman Sariyev 2016 yildan beri ushbu lavozimni egallab kelmoqda.

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari prezident tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan hokim nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi. Xalq deputatlari Kengashi va hokimlarning vakolat muddati — besh yil.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorga Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

Musa Tajetdinovich Yerniyazov, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘a Kengesi raisi. Surat: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”

Shuxratbek Kushakbayevich Abduraxmanov, Andijon viloyati hokimi. Surat: andijan.uz

Barnoyev O‘ktam Isoyevich, Buxoro viloyati hokimi. Surat: buxoro.uz

Ergash Alibekovich Saliyev, Jizzax viloyati hokimi. Surat: jizzax.uz

Kobul Beknazarovich Tursunov, Navoiy viloyati hokimi. Foto: O‘zA

Erkinjon Okbutayevich Turdimov, Samarqand viloyati hokimi. Surat: samarkand.uz

Mirzayev G‘ofurjon G‘aniyevich, Sirdaryo viloyati hokimi. Surat: sirdaryo.uz

Turа Abdiyevich Bobolov, Surxondaryo viloyati hokimi. Surat: surxondaryo.uz

Shuhrat Madaminovich G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi. Surat: fergana.uz

Farhod Urazboyevich Ermanov, Xorazm viloyati hokimi. Surat: xorazm.uz

Xayrullo Xaitbayevich Bozarov, Namangan viloyati hokimi. Surat: namangan.uz

Zoyir Toirovich Mirzayev, Qashqadaryo viloyati hokimi. Surat: qashqadaryo.uz

Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov, Toshkent viloyati hokimi. Surat: xs.uz

Jahongir Abidovich Ortiqxo‘jayev, Toshkent shahar hokimi. Surat: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”