Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlikda Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish masalasida muayyan ishlar olib borilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Shveysariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda Gulnora Karimovaning Jenevada joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san’at ashyolari (kartinalar, amaliy san’at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avval Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan san’at asarlari (kartina, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

Qayd etilgan kartinalar va san’at asarlari sud hukmiga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan.