2019 yil 27 dekabr kuni «Facebook» va «Telegram» ijtimoiy tarmoqlarida «Mingbuloq tuman hokimi fermerlarni so‘kib tashladi» mavzusida tarqatilgan audioyozuvdagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 9 dekabr kuni soat 10−00da Mingbuloq tumani, Mehnatobod m.f.y. hududidagi «Gigant» muqobil mashina traktor parki saroyida Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev rahbarligida texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda tumandagi «Gigant», «Guliston», «Gulbog‘-1» MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilish davomida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev «Guliston dacha» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.Xalilov va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlarini qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l ko‘yib kelayotganlari xususida tanbeh berib, so‘ng haqorat qilgani hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan Nurshod Xudoyberdiyevga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma’muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zgatish haqida qaror qabul qilinib, ma’muriy chora qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlar Mingbuloq tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Mingbuloq tumani ma’muriy sudining 10 yanvardagi qaroriga ko‘ra, Nurshod Xudoyberdiyev MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs deb topilib, unga nisbatan qayd etilgan modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida, ya’ni 4 mln. 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Nurshod Xudoyberdiyev bu ishi uchun kechirim so‘ragan va viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantiril edi.