Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Tehronda (Eron) ukrain yo‘lovchi samolyotining qulashi munosabati bilan 9 yanvarni mamlakatda motam kuni deb e’lon qildi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat organlari binolarida bayroqlar tushirilib, ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 8 yanvar kuni ertalab, Ukraina xalqaro aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti «Tehron-Kiyev» yo‘nalishida aeroportdan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushdi. Bortda 167 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, ulardan hech biri tirik qolmagan.

Ukraina TIV ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Eronning 82 fuqarosi, Kanadadan 63, Ukrainadan 11 (2 yo‘lovchi va 9 ekipaj a’zosi), Shvetsiyadan 10, Afg‘onistondan 4, Germaniyadan 3 va Buyuk Britaniyadan 3 fuqaro bo‘lgan.

Vladimir Zelenskiy halok bo‘lganlarning qarindoshlari va do‘stlariga ta’ziya izhor etib, laynerning qulashi bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atishni buyurdi. «Bizning ustuvor vazifamiz — haqiqatni va bu dahshatli falokat uchun javobgar bo‘lganlarni aniqlashdir», — dedi u.