Chorshanba kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi. Sud jarayoni yopiq rejimda bo‘lib o‘tmoqda.

Dushanba kuni Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga qarshi jinoiy ish bo‘yicha tergovni yakunlagani haqida xabar bergan edi. Tergov nafaqat birinchi prezidentning qiziga, balki jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan «boshqa shaxslar»ga qarshi ham o‘tkazilgan.

2019 yil mart oyidan buyon Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-umumiy tartibli koloniyada saqlab kelinmoqda.

Avgust oyida Bosh prokuratura unga qarshi davlat mablag‘larini talon-taroj qilish hamda O‘zbekiston manfaatlariga zid bo‘lgan bitimlar tuzish, shuningdek, juda katta miqdordagi xorijiy mulkni tortib olish bilan bog‘liq jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qilgan edi.

Dekabr oyida esa nazorat organi birinchi prezidentning qiziga qarshi «yangi ochilgan holatlar» hamda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan kelib tushgan «yangi, oldingi tergovlarda qamrab olinmagan jinoyatlar to‘g‘risida» xabarlar bo‘yicha yana bir jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.