O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tehron shahri yaqinida Ukrainaning yo‘lovchi samolyoti qulashi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Ukraina va Eron prezidentlariga hamdardlik maktublari yo‘lladi.

Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

8 yanvar kuni ertalab Ukrainaning Boeing 737 yo‘lovchi samolyoti Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchradi. Samolyot bortida 167 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan — ularning hech biri tirik qolmagan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 82 nafar Eron, 63 nafar Kanada, 11 nafar Ukraina (ikki yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi), 10 nafar Shvetsiya, to‘rt nafar Afg‘oniston, uch nafar Germaniya va uch nafar Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan.