UzAuto Motors kompaniyasi 2022−2023 yillarda to‘rtta — Chevrolet Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avomobil modelini yangilashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning strategik rejalashtirish, tahlil va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qodirov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, modellar bosqichma-bosqich yangilanadi. Chevrolet Spark, Nexia, Cobalt va Gentra ishlab chiqarilishi yangi modellarning mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshganidan keyin bosqichma-bosqich to‘xtatiladi.

“Biz eksport hajmini oshirishdan manfaatdormiz. Va biz mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazmagunimizcha, biz avtomobillarni eksport qila olmaymiz. Men yangi modellar haqida gapirayapman. Bu o‘z-o‘zidan hozirda eksport qilinayotgan mashinalarning mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Biz yangi modelni ishlab chiqarishni boshlaganimizda, 1 kun ichida lokalizatsiya darajasi 50 foizga yetmasligi aniq. Bu vaqt talab etadi. Biz yangi modellarda mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetganda hozirgi modellarni chiqarishni to‘xtatamiz”, — deya tushuntirib o‘tdi Rustam Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili UzAuto Motors ishlab chiqarilgan avtomobillar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Ishlab chiqarish hajmi 220 mingdan 271 mingtagacha oshdi, bu 2018 yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Joriy yilda kompaniya avtomobil ishlab chiqarishni yiliga 300 mingtaga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

“Gazeta.uz” iyun oyida Onix va boshqa arzon modellarni ishlab chiqarish rejalari to‘g‘risida xabar qilgan edi. Keyinroq Onix lokalizatsiya darajasi bosqichma-bosqich 60 foizga yetishi ma’lum qilindi.

25 dekabr kuni UzAuto Motors qimmatbaho segmentdagi to‘rtta — Tahoe, Traverse, Trailblazer va Equinox (narxlar) modellarini taqdim etdi.