Dushanba kuni Toshkentda Mustaqillik shox ko‘chasidan (shahar markazidan borishda) Oqqo‘rg‘on ko‘chasiga chapga burilish ochildi. Bu haqda Choynakning_qopqogi Telegram-kanalida e’lon qilingan ma’lumotni «Gazeta.uz»ning ichki ishlar organlaridagi manbalari ham tasdiqladi.

Svetoforda chapga burilishiga ruxsat beradigan qo‘shimcha bo‘lim qo‘shildi. Bu yerdagi «Oldinga to‘g‘ri» belgisi demontaj qilinadi.

Burilishga ruxsat berilishi natijasida minglab haydovchilar bir necha kilometr oralig‘ida yagona bo‘lgan 71-maktab yaqinida joylashgan navbatdagi chorrahagacha borish va so‘ngra ortga qaytish mashaqqatidan qutulib, vaqt va kilometrlarni tejam imkoniga ega bo‘ldi.

Ko‘p yillar davomida yopiq bo‘lgan ko‘chalarning ochilishi prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil kuzida hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay boshlandi. Bir yil oldin — 2015 yil avgustda — Mustaqillik ko‘chasida Oqqo‘rg‘on ko‘chasidan Parkent ko‘chasi va «Buyuk ipak yo‘li» metrosiga qadar to‘liq metal to‘siq bilan yopib qo‘yilgan edi. O‘shanda sobiq Pushkin xiyoboni atrofidan aylanib olish imkoniyati ham cheklandi, undan Parkent bozori tomonga harakatlanish yopildi.

Bugungi kunda Toshkent ko‘chalar orasidagi to‘siqlardan deyarli xalos bo‘ldi, ammo shaharda hali ham juda ko‘p noqulay va oxirigacha yaxshi o‘ylanmagan chorrahalar va burilishlar mavjud.