Toshkent metropoliteni Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Joker kostyumidagi (DC Comics komikslar qahramoni) erkakning hujjatlarini tekshirmagan va uning faoliyatiga aralashmagan. Bu haqda «Gazeta.uz» ga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi transport xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — Toshkent metropoliteni Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Oleg Bichenov xabar berdi.

Dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda bir necha nafar IIB xodimlarining yashil sochli va qizil kostyum kiygan, masxaraboz grimidagi bir erkak bilan suhbatlashgani aks etgan edi. Xodimlar metroda odamlarga yordam ko‘rsatish va kerak bo‘lganda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun qanday tadbirlar o‘tkazilishini aniqladilar, dedi Oleg Bichenov.

«Ushbu bayram kunlarida shu jumladan metroda ham ko‘plab turli xil tadbirlar o‘tkaziladi. Qorbobolar, fleshmoblar, turli tasvirga olish ishlari va boshqalar. Ushbu barcha masalalar bo‘yicha murojaat qilish tartibi mavjud — tadbir tashkilotchilari metro rahbariyatiga murojaat qilishadi… Bizning xodimlarimiz ushbu harakatlar paytida xavfsizlikni ta’minlaydilar», — deya tushuntirdi u.

Asosiy rolni Xoakin Feniks ijro etgan Todd Fillipsning «Joker» trilleridan olingan lavha. Foto: Warner Bros.

Metroda o‘tkazilgan tadbirlar paytida odamlarning to‘planishi va yo‘lovchilar oqimining ortishi kuzatiladi, shuning uchun xodimlar «qandaydir tadbir, aksiya, tasvirga olish ishlari o‘tkazilayotgani, zarurat tug‘ilgan taqdirda yordam ko‘rsatish uchun uning yoniga borishdi», — dedi Oleg Bichenov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar Internet foydalanuvchilari taxmin qilganlaridek, hujjatlarni tekshirmagan va erkakning tashqi ko‘rinishi bo‘yicha e’tirozlar bildirmagan.

«Hujjatlarni tekshirish o‘tkazilmadi. Xodimlar uning metroning oddiy yo‘lovchisi ekanligini va chiqish qilishga ketayotganini aniqlaganlaridan so‘ng masala hal bo‘ldi. Bunga qandaydir bir salbiy izoh berishning hojati yo‘q. Agar kimdadir biron bir savol va e’tiroz bo‘lsa, biz buni muhokama qilishga tayyormiz», — dedi metropoliten IIB boshlig‘i.

Foto: vsebudethorosho / Telegram.

Tarmoqlarda metropoliten IIB xodimining Joker bilan selfi tushayotgani aks etgan fotosurat ham tarqaldi.