Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiyot xodimi bemorning buvisi tomonidan kaltaklandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirli matbuot xizmati xabar qildi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat aks etgan videoyozuv tarqalgan edi.

Vazirlikning aniqlik kiritishicha, 5 yanvar soat 19.00 atrofida Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qabul bo‘limiga 2017 yil tug‘ilgan bemor F.M.ning tana harorati yuqori ekanidan shikoyat qilib, amakisi hamda buvisi tomonidan murojaat qilinadi.

Qabul bo‘limi hamshirasi S.B. birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida bemorning tana haroratini o‘lchaydi. Tana harorati yuqori ekanini aniqlagan hamshira haroratni tushirish maqsadida paratsetamol shamchasini qo‘yish uchun bemorni muolaja xonasiga olib kirishni ko‘rsatadi. Shunda to‘satdan bemorning buvisi sababsiz hamshiraning shaxsiyatiga tegadigan haqorat so‘zlar bilan baqirib, uni kaltaklaydi.


Videoyozuvdan lavha.

Shunga qaramay, qabul bo‘limida navbatchi shifokor A.N. tomonidan bemor F.M.ga birinchi yordam ko‘rsatilgan va «O‘tkir respirator kasalligi» tashxisi bilan statsionar davolanishga yotqizilgan.

Bolaning amakisi, buvisi va qarindoshlari tomonidan kaltaklagan hamshira S.B. «Bosh miya chayqalishi, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi» tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorning ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

Tibbiyot xodimlarining bemorlarning yaqinlari tomonidan kaltaklanishi va haqoratlanishi tez-tez sodir bo‘lmoqda. Mazkur hodisadan bor-yo‘g‘i uch kun muqaddam, 2 yanvar kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida bemorning tog‘asi shifokorning yuziga musht tushirishi oqibatida tibbiyot xodimining bir ko‘zi butunlay ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan edi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka tibbiyot xodimlariga nisbatan uyushtirilgan suiqasdlar va tajovuzlar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.