O‘zbekiston bo‘yicha 25 ta saylov okrugida o‘tkazilgan takroriy saylov yakunlari bo‘yicha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) yetakchilikni saqlab qoldi. Bu haqda saylovlarni yoritish bo‘yicha Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida e’lon qilindi.

Ikki davra ovoz berishlardan so‘ng O‘zLiDeP Qonunchilik palatasida 53 ta, «Milliy tiklanish» — 36 ta, «Adolat» — 24 ta, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) — 22 ta, O‘zbekiston Ekologik partiyasi — 15 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.

Matbuot markazi qayd etishicha, saylangan ayol deputatlar soni ikki barobarga oshgan. 2014 yili 24 nafar ayol va 126 erkak saylangan bo‘lsa, 2019 yilgi saylovda 48 ayol va 102 erkak Qonunchilik palatasi deputati bo‘ldi.

Qonunchilik palatasi deputatligiga yangi saylanganlarning o‘rtacha yoshi 46,4 ni tashkil etdi. Deputatlarning 6 foizi 30 yoshdan kichik, 64,7 foizi 30−50 yosh orasida, 29,3 foizi esa 50 yoshdan katta. Eng yoshi katta deputat XDPdan Safar Ostonov, eng yoshi ham XDPdan saylangan Sherzod Rahmonov — 26 yoshda.

Takroriy saylovlar 25 ta okrugdagi 1730 ta saylov uchastkasida bo‘lib o‘tdi. Bunda 3 147 079 nafar fuqarolar Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ulardan 1 978 048 nafari takroriy ovoz berishda ishtirok etdi. Bu takroriy ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 62,8 foizini tashkil etadi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov qayd etishicha, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish huquqiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ega bo‘ldi.